Asosiy mazmunga o'tish
+998 79 224-97-41
Quyi ZarafshonIrrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi

Kengsoy kanali

Kengsoy kanali: choʼl hududlarini oʼzlashtirish sari muhim qadam

2 daqiqa0 marta ko'rilgan
Kengsoy kanali: choʼl hududlarini oʼzlashtirish sari muhim qadam

Viloyat hokimi Normat Tursunov Konimex tumanida qurilishi boshlangan Kengsoy kanali hududiga borib, amalga oshirilayotgan ishlarni joyida koʼzdan kechirdi.

Tashrif davomida kanal qurilishi jarayoni, loyiha doirasida belgilangan vazifalar hamda hududdagi yaylov maydonlarini suv bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Joyida masʼullarning axboroti tinglanib, qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya qilish hamda loyihani samarali amalga oshirish boʼyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Maʼlumot uchun, Navoiy viloyatining Konimex, Qiziltepa va Navbahor tumanlarida qishloq xoʼjaligi muomalasidan chiqib ketgan qariyb 20 ming gektar yaylov yerlarini qayta oʼzlashtirish ishlari boshlangan.

Loyihaning birinchi bosqichida Konimex tumanida 9,3 kilometrlik «Kengsoy» kanali qurilib, 3 800 gektar yaylov maydonini suv bilan taʼminlash va qishloq xoʼjaligi aylanmasiga qaytarish koʼzda tutilgan.

Аyni paytda tadbirkorlar va tijorat banklari hamkorligida 2 300 gektar maydonda investitsion loyihalar shakllantirilgan. Ularda chorva uchun ozuqa ekinlari, jumladan, makkajoʼxori va silos yetishtirish, shuningdek, 500 gektar maydonda paxta yetishtirish rejalashtirilgan.

Loyihalar natijasida yiliga 124 ming tonna sifatli chorva ozuqasi ishlab chiqarish, 15 ming bosh mayda va 5 ming bosh yirik shoxli mol uchun boʼrdoqchilik komplekslarini tashkil etish hamda 400 ta doimiy ish oʼrni yaratish rejalashtirilgan.

Hozirda hududda 30 ga yaqin maxsus texnika va 100 nafarga yaqin ishchi faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 1,6 million kub metrlik rezervuar va 5 ta suv havzasi qurilishi boʼyicha ishlar jadal davom etmoqda.